«Ilgari vijdonan qurishardi». Toshkentda yangi qurilgan uylar haqida gap ketganda bu fikrni tez-tez eshitish mumkin. Sovet davridagi uylar bir necha o‘n yildan beri turibdi, ularning ko‘pi zilzilalarni boshdan kechirgan. Zamonaviy baland binolar esa ba’zan o‘z ko‘lami bilan savol tug‘diradi: ular qanchalik ishonchli?
Har ikki tomonning o‘z dalillari bor. Kimdir vaqt sinovidan o‘tgan uyga ko‘proq ishonadi. Boshqalar zamonaviy texnologiyalar va yangi darajadagi qulaylikni afzal ko‘radi. Yana kimdir ko‘p yillardan beri o‘z mahallasida yashaydi, uni yaxshi ko‘radi va boshqa joyga ko‘chishni umuman rejalashtirmaydi.
Didlar haqida bahslashmaymiz. Boshqa savol qiziqroq: rostdan ham ilgari yaxshiroq qurishganmi va Toshkentdagi zamonaviy yangi uylar sovet davridagi uylardan nimasi bilan farq qiladi?
Bu fikrning asosi bor. SSSR davrida davlat eng yirik buyurtmachi bo‘lgan, qurilish sohasini nazorat qilgan va yagona qoidalarni belgilagan. Shuning uchun o‘sha davrdagi qat’iy davlat nazorati haqidagi tasavvur bekorga paydo bo‘lmagan.
Bugun tizim boshqacha, ammo qurilishga qo‘yiladigan talablar ancha yuqori. Ko‘p qavatli uy hujjatlari kelishuv va ekspertizaning bir necha bosqichidan o‘tadi: konstruktiv yechimlar, amaldagi me’yorlarga muvofiqlik va boshqa parametrlar tekshiriladi.
Shu bilan birga, O‘zbekistonda zarur ruxsat berish jarayonlari yakunlanmasdan turib qurilish ishlari boshlangan holatlar ham uchrab turadi. Shuning uchun yangi uydan xonadon sotib olayotganda qurilish uchun ruxsatnoma borligini tekshiring. Buni qilish ancha oson: ro‘yxatdan o‘tgan obyektlarda QR-kodli pasport joylashtiriladi va u orqali Shaffof Qurilish tizimidagi uy haqidagi ma’lumotlarga o‘tish mumkin.
«O‘sha sovet betoni» yoki ilgari armatura ancha sifatli bo‘lgan degan gaplarni ko‘pchilik eshitgan bo‘lsa kerak.
Aslida temir-beton qurilishining asosiy materiallari tubdan o‘zgarmagan. A500 armaturasi va M400 betoni — o‘ziga xos oltin standart: ular ilgari ham qo‘llangan, bugungi qurilishda ham keng ishlatiladi. Shuning uchun oldin uylar qandaydir prinsipial jihatdan sifatliroq beton yoki armaturadan qurilgan degan fikr haqiqatga unchalik mos kelmaydi.
Shu bilan birga, odatiy materiallardan foydalanish imkoniyatlari ancha kengaydi. Masalan, zamonaviy qo‘shimchalar past haroratda ham betonning kerakli tarzda qotib, mustahkamlikka ega bo‘lishiga yordam beradi. Ilgari qishki betonlashda soddaroq yechimlar, jumladan tuz asosidagi qo‘shimchalardan ko‘proq foydalanilgan.
Yana bir misol — armaturani biriktirish. Bugun konstruksiyada ko‘zda tutilgan joylarda armatura sterjenlarini maxsus mexanik muftalar orqali ulash mumkin. Bu armaturani an’anaviy ustma-ust ulashsiz ishonchli biriktirish imkonini beradi va karkasning katta yuk tushadigan qismlarida ayniqsa muhim.
Demak, asosiy materiallar deyarli o‘sha-o‘sha, ammo ulardan foydalanish texnologiyalari takomillashgan.
Sovet davrida turar joy binolari ixtisoslashgan ilmiy-tadqiqot institutlari va loyiha institutlarida ishlab chiqilgan. Muhandislar hisob-kitoblarni bajargan, chizmalar qo‘lda tayyorlangan, hisoblash texnikasining imkoniyatlari esa bugungi daraja bilan tenglashtirib bo‘lmaydigan darajada edi.
Shuning uchun ommaviy uy-joy qurilishida namunaviy seriyalar keng qo‘llangan. Bir marta ishlab chiqilgan yechimdan turli shaharlarda qayta-qayta foydalanish va katta hajmda uylarni tez qurish mumkin edi. O‘z davri uchun bu mutlaqo mantiqli yondashuv bo‘lgan.
Bugun loyihalash imkoniyatlari tubdan o‘zgargan. Qurilishdan oldin muhandislik-geologik tadqiqotlar o‘tkaziladi: quduqlar burg‘ilanadi, grunt, yer osti suvlari va uchastkaning boshqa xususiyatlari o‘rganiladi. Shu ma’lumotlar asosida poydevor va binoning yuk ko‘taruvchi tizimi bo‘yicha yechimlar qabul qilinadi.
Zamonaviy kompyuter tizimlari konstruksiyalarning yuk ko‘tarish qobiliyatini ancha tez va aniq hisoblash, turli yuklamalar ostidagi holatini modellashtirish imkonini beradi. Toshkent uchun bu ayniqsa muhim: biz seysmik hududda yashaymiz, shu sababli hisob-kitoblarda uchastkaning xususiyatlari, binoning konstruktiv sxemasi va zilzila paytidagi harakati inobatga olinadi.
Shuning uchun odatiy to‘rt qavatli uy ko‘zga o‘n olti qavatli binodan ishonchliroq ko‘rinishi mumkin, ammo qavatlar sonining o‘zi seysmik mustahkamlikni belgilamaydi.
Sovet davridagi ommaviy uy-joy qurilishida yig‘ma temir-betondan keng foydalanilgan. Ustunlar, panellar, plitalar va boshqa elementlar zavodlarda ishlab chiqarilib, qurilish maydoniga olib kelingan va bino qurilishi davomida bir-biriga ulangan.
Bu texnologiyaning katta ustunligi — tezlik edi. Aynan shu usul butun boshli kvartallarni tez qurish imkonini bergan. Bunda konstruksiyaning alohida elementlari biriktiriladigan joylar alohida ahamiyatga ega bo‘lgan.
Bugungi ko‘p qavatli turar joy majmualarining aksariyati monolit temir-beton karkas asosida quriladi. Poydevor, ustunlar, pilonlar, devorlar va orayopmalar binoning asosidan yuqori qavatlarigacha yagona konstruktiv tizimga birlashtiriladi.

Bu har qanday monolit bino avtomatik ravishda har qanday yig‘ma uydan ishonchliroq degani emas. Sifat har doim hisob-kitob va qurilish ishlarining bajarilishiga bog‘liq. Ammo yaxlit monolit karkas binoning o‘zaro bog‘langan konstruksiyasini yaratish imkonini beradi. Bu gorizontal, jumladan seysmik yuklamalarni qabul qilishda ayniqsa muhim.
Beton va armaturaning vazifasi deyarli o‘zgarmagan bo‘lsa, boshqa yo‘nalishlarda eski va zamonaviy qurilish o‘rtasidagi farq ancha sezilarli. Ayniqsa issiqlik va gidroizolyatsiyada.
Tomdan suv o‘tishi, chekka xonalarning qishda sovuq bo‘lishi, namlik — sobiq SSSRning ko‘plab shaharlaridagi eski uy-joy fondiga xos muammolar. Bu uy o‘z vaqtida yomon qurilgan degani emas: o‘sha davrdagi materiallarning imkoniyatlari bugungidan ancha cheklangan edi.
Hozir zamonaviy issiqlik izolyatsiyasi, gidroizolyatsion membranalar, ko‘p qatlamli tom va fasad tizimlari qo‘llanadi. Ular binoni suv, issiq va sovuqdan ancha samarali himoya qiladi. Natijada to‘g‘ri qurilgan zamonaviy uy energiya tejamkorroq va ob-havo ta’siridan yaxshiroq himoyalangan bo‘ladi.
Uy faqat devor va orayopmalardan iborat emas. Uning ichida suv ta’minoti, kanalizatsiya, elektr tarmoqlari, isitish, ventilyatsiya, liftlar va boshqa uskunalar ishlaydi.
Bu yerda yoshning ahamiyati bor. Bir necha o‘n yildan keyin quvurlar, kabellar va uskunalarni ta’mirlash yoki almashtirish talab etiladi. Eski uylardagi ko‘plab tanish muammolar — kommunikatsiyalardan suv sizishi, yerto‘lalardagi namlik va noxush hidlar, ayrim tizimlardagi uzilishlar — aynan shuning oqibati.
Zamonaviy uylar boshidanoq boshqa darajadagi yuklamalarga mo‘ljallanadi va muhandislik uskunalari hamda materiallarining yangi avlodidan foydalanadi: elektr tarmoqlari va liftlardan tortib isitish hamda xavfsizlik tizimlarigacha.

Shuning uchun eski uy bilan yangi uyni taqqoslaganda faqat devorlarning holatiga qarash yetarli emas. Muhandislik tizimlari ham binoning muhim qismi.
Faraz qilaylik, sovet davridagi uy juda yaxshi hisoblangan va sifatli qurilgan. Ammo keyingi yarim asr davomida u bilan nima sodir bo‘ldi?
Bu vaqt ichida qayta rejalashtirishlar qilinadi, yangi o‘tish joylari ochiladi, xonalar birlashtiriladi, balkonlar qayta quriladi va oynalanadi. Ayrim o‘zgarishlar zararsiz, boshqalari esa binoning dastlabki konstruksiyasiga aralashadi va uning ishlashiga ta’sir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, o‘nlab yillar davomida binoning ayrim elementlari, kommunikatsiyalar va uskunalar almashtiriladi, ularni ta’mirlash sifati esa har doim ham dastlabki loyiha talablariga mos kelavermaydi.
Shuning uchun ikkilamchi bozordan xonadon olayotganda uy seriyasi va qurilgan yiliga qarashning o‘zi yetarli emas. Uyning bugungi real texnik holati muhim. 1975-yilda qurilgan uy bugun quruvchilar 1975-yilda topshirgan aynan o‘sha uy emas.
Bu masala faqat sovet davridagi uylarga tegishli emas. Ba’zan yangi bino foydalanishga topshirilgandan keyin sezilarli o‘zgarishi uchun besh-o‘n yilning o‘zi yetadi.
Agar boshqaruv kompaniyasi fasad va umumiy konstruksiyalar holatini nazorat qilmasa, bir mulkdor konditsionerni o‘zi xohlagan joyga o‘rnatadi, boshqasi kabel tortadi, uchinchisi balkonini qayta quradi, to‘rtinchisi metall panjara o‘rnatadi.
Bunday o‘zgarishlar binoning dastlabki me’moriy qiyofasini buzadi, ayrimlari esa xavfsizlikka bevosita ta’sir qiladi. Masalan, balkonning yengil to‘sig‘ini og‘ir g‘isht devor bilan almashtirish dastlabki loyihada ko‘zda tutilmagan qo‘shimcha yukni hosil qiladi va konstruksiya uchun xavf tug‘diradi. Ochilmaydigan metall panjaralar esa yong‘in vaqtida favqulodda chiqishni yoki qutqaruvchilarning ishini qiyinlashtirishi mumkin.
Shuning uchun turar joy majmuasining sifati u topshirilgandan keyin nima sodir bo‘lishiga ham bog‘liq. Yaxshi boshqaruv kompaniyasi binoning me’moriy qiyofasini saqlashi va xavf tug‘dirishi mumkin bo‘lgan o‘zboshimcha o‘zgarishlarga yo‘l qo‘ymasligi kerak.
Bu, ehtimol, yangi uylarning eng sezilarli farqlaridan biri.
Sovet davridagi xonadonlar boshqa turmush tarzi uchun yaratilgan. Kichik oshxona odatiy hol edi, alohida garderob ortiqcha qulaylikdek ko‘ringan, bugungi kundagi maishiy texnika miqdorini esa oldindan tasavvur qilish qiyin edi.
Bugun keng oshxona-mehmonxonalar, master-yotoqxonalar, garderoblar, kir yuvish xonalari, bir nechta sanuzel va terrasalar paydo bo‘ldi. Rejalar xilma-xil bo‘lib, xonadonni oilaning tarkibi va turmush tarziga ancha aniq moslab tanlash mumkin.
Bu haqda zamonaviy xonadon rejalari haqidagi maqolamizda batafsil yozganmiz.
Turar joy majmuasining o‘zi ham o‘zgardi. Yerosti parkinglari, avtomobillardan xoli hovlilar, bolalar maydonlari, rezidentlar uchun umumiy xonalar, kirishni nazorat qilish tizimlari — bugun uy deganda faqat xonadon va podyezd tushunilmaydi.
Bu borada sovet davri shaharsozligining ustunligini inkor qilish qiyin.
Davlat bir vaqtning o‘zida butun kvartalni rejalashtira olgan: turar joy binolari, ko‘chalar, maktablar, hovlilar va ko‘kalamzorlashtirish birgalikda ko‘rib chiqilgan. Natijada hudud yagona masshtab va yaxlitroq shahar muhitiga ega bo‘lgan.
Buni Toshkentning markaziy kvartallarida ayniqsa yaxshi ko‘rish mumkin. O‘nlab yillar davomida o‘sib ulg‘aygan daraxtlar orasida to‘rt qavatli uylar ba’zan deyarli ko‘rinmay qoladi. Yozda daraxtlar soya beradi, hududning qizib ketishini kamaytiradi va makonga butunlay boshqa, insonga yaqin masshtab beradi.
Zamonaviy nuqtaviy qurilishda esa ko‘pincha buning aksi kuzatiladi: har bir uchastka alohida rivojlantiriladi, natijada qo‘shni binolar, yo‘llar, obodonlashtirish va ko‘kalamzorlashtirish har doim ham yagona muhitga birlashavermaydi.
Bu shakllangan eski hududlarning haqiqiy ustunligi va zamonaviy shaharsozlik ulardan o‘rganishi kerak bo‘lgan jihatlardan biri.
Bu dalillarning barchasidan keyin ham sovet davridagi uyni tanlaydigan odamlar qolishi tabiiy. Buning mutlaqo oqilona sabablari bo‘lishi mumkin: sevimli hudud, past qavatlilik, katta daraxtlar, shakllangan infratuzilma yoki shunchaki yaxshi saqlangan muayyan uy.
Ammo «ilgari yaxshiroq qurishgan» degan formula ochiqchasiga populistik eshitiladi va to‘g‘ridan-to‘g‘ri tanqidga bardosh bermaydi. Hisoblash usullari, qurilish texnologiyalari, izolyatsion materiallar, muhandislik tizimlari va uy-joyga qo‘yiladigan talablar so‘nggi o‘n yilliklarda ancha oldinga ketdi.
Bu har qanday yangi uy avtomatik ravishda sifatli degani emas. Yangi binoni ham noto‘g‘ri hisoblash, qoidabuzarlik bilan qurish yoki keyinchalik noto‘g‘ri ekspluatatsiya qilish mumkin.
Shuning uchun Toshkentda xonadon tanlayotganda ikki davrni emas, ikkita aniq uyni taqqoslash to‘g‘riroq: ular qanchalik ishonchli, bugungi holati qanday, yashash uchun qanchalik qulay va kelajakda qanday boshqariladi.