Toshkentdagi yangi turar joy majmualarida keng ochiq terrasali xonadonlar tobora ko‘proq paydo bo‘lmoqda. Bu format zamonaviy ko‘rinsa-da, g‘oyaning o‘zi aslo yangi emas. Issiq iqlim sharoitida ochiq va yarim ochiq makonlar azaldan me’morchilikning muhim qismi bo‘lib kelgan — an’anaviy ayvonlardan tortib, sovet modernizmi davridagi lodjiya va balkonlargacha.
Bugun ochiq osmon ostidagi qo‘shimcha kvadrat metrlar uchun pul to‘lashga arziydimi? Terrasa aslida qanday imkoniyatlar beradi va nima uchun uni ongli ravishda tanlash muhim?
Toshkentning sovet davri me’morchiligi mahalliy iqlim sharoitiga faol moslashtirilgan. Balkonlar, lodjiyalar, galereyalar, quyoshdan himoya qiluvchi konstruksiyalar va boshqa oraliq makonlar turar joylarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri quyosh nuri va ortiqcha qizib ketishdan himoya qilishga yordam bergan. Bular binoning iqlimga moslashuv tizimining bir qismi edi.
Keyinchalik bunday makonlarga munosabat o‘zgardi. Maishiy konditsionerlarning ommalashishi issiq bilan texnik vositalar yordamida kurashish imkonini berdi, xonadonlardagi maydon yetishmasligi esa lodjiya va balkonlardan amaliyroq foydalanishga undadi: ularni oynavand qilishdi, xonadonga qo‘shishdi, oshxona yoki qo‘shimcha xonaga aylantirishdi.
Ehtimol, shu jarayonda biz ochiq makonning o‘ziga xos qiymatidan biroz erta voz kechdik.
O‘zbekistonda yiliga qariyb 300 kun quyoshli bo‘ladi. Yozda kunduzgi issiq ochiq terrasadan foydalanishni, albatta, cheklaydi. Ammo kechga borib havo salqinlashgach, u deyarli qo‘shimcha mehmonxonaga aylanishi mumkin.

Bahor va kuzda esa terrasada kunning katta qismini o‘tkazish mumkin. Iliq va quyoshli kunlarda undan hatto qishda ham foydalanish yoqimli.
Shuning uchun terrasa maydonini shunchaki «ortiqcha kvadrat metrlar» deb hisoblash unchalik to‘g‘ri emas. Mos iqlim sharoitida u yashashning yana bir ssenariysiga — xonadon va tashqi muhit o‘rtasidagi alohida makonga aylanadi.
Terrasadan qanday foydalanish, avvalo, uning o‘lchamiga bog‘liq. Kichik terrasaga stol va bir juft kreslo qo‘yib, kitob o‘qish yoki ishlash uchun joy yaratish mumkin. Kattaroq terrasa esa ovqatlanish zonasi, yumshoq mebel, o‘simliklar va bolalar uchun o‘yin maydonini ham sig‘dira oladi.

Bolali oilalar uchun bu uydan chiqmasdan ochiq havoda ko‘proq vaqt o‘tkazish imkoniyatidir. Quyosh nuri organizmda D vitaminining tabiiy sintezida ishtirok etadi, biroq uning miqdori fasl, kunning vaqti va UVB nurlarining ochiq teriga bevosita tushishiga bog‘liq. Shu sababli terrasani «D vitamini manbai» sifatida emas, balki ochiq havoda bo‘lishni kundalik hayotning tabiiy qismiga aylantiradigan makon sifatida ko‘rish to‘g‘riroq.
Yana bir ssenariy — oila va do‘stlar bilan uchrashuvlar. Ochiq havodagi nonushta, kechki ovqat yoki bir piyola choy xonadon ichidagi ayni shu holatdan butunlay boshqacha taassurot beradi. Muhitning o‘zgarishi odatiy uy hayotiga yangilik olib kiradi — buning uchun biror joyga borish ham shart emas.
Shu ma’noda katta terrasali xonadon haqiqatan ham o‘z hovlisiga ega uyning zamonaviy muqobiliga aylanadi. U bunday turmush tarzining asosiy afzalligini — ochiq havodagi shaxsiy makonni saqlab qoladi.
Shu bilan birga, xususiy uy va hovliga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha yumushlarni o‘z zimmangizga olish shart emas. Zamonaviy turar joy majmuasida boshqaruv kompaniyasi, qo‘riqlash, umumiy hududlarga xizmat ko‘rsatish, parking, obodonlashtirilgan hovli va boshqa infratuzilma mavjud.
Natijada xususiy uyning ayrim afzalliklarini shahar xonadoni qulayliklari bilan birlashtirgan format hosil bo‘ladi.
Eng asosiy cheklovchi omil aniq — kvadrat metrlarning narxi.
Toshkentdagi eski uylarda ko‘plab balkon va lodjiyalarning vaqt o‘tishi bilan boshqa vazifani bajara boshlagani ham shundan. Xonadon, ayniqsa oshxona maydoni kichik bo‘lgan sharoitda, oila uchun balkonni oynavand qilib, bir necha qo‘shimcha foydali kvadrat metrga ega bo‘lish ochiq makonni saqlab qolishdan ko‘ra oqilona bo‘lgan.
Shu sababli haqiqiy katta terrasa ma’lum ma’noda hashamat bo‘lib qolmoqda. Bu kvadrat metrlar oshxona, yotoqxona yoki shkaf uchun joy yetishmagani sababli emas, balki boshqa turmush sifati uchun xarid qilinadi.
Shuning uchun terrasa ko‘proq xonadonning ichki maydoni yetarli bo‘lgan va xonalar sonini oshirmaydigan, ammo kundalik hayotga yangi imkoniyatlar qo‘shadigan makon uchun alohida pul to‘lashga tayyor xaridorlarning ongli tanloviga aylanadi.
Bu ochiq terrasa tanlashga qarshi eng tushunarli dalillardan biri. Toshkent va uning atrofidagi hududlarda chang muammosi haqiqatan ham mavjud. Bunga quruq iqlim, yerlarning degradatsiyasi, shamol eroziyasi va boshqa omillar ta’sir qiladi.
Ammo bu yerda ham ko‘p narsa makonning qanday tashkil etilganiga bog‘liq. Tashqi qoplamalarni muntazam tozalash, kundalik yumushlarning bir qismini esa ochiq maydonlarda ishlashga mo‘ljallangan zamonaviy robot-changyutgichlarga topshirish mumkin.
Katta terrasalarda mikroiqlim tizimlaridan ham foydalanish mumkin. Masalan, suvni mayda tomchilar ko‘rinishida purkash havoni salqinlashtirish bilan birga undagi ayrim chang zarrachalarining cho‘kishiga yordam beradi.
Bundan tashqari, terrasaning o‘zi yashil makonga aylanishi mumkin. Yirik o‘simliklar, butalar va kichik daraxtlar nafaqat uning ko‘rinishini o‘zgartiradi — o‘simliklar barglari havodagi ayrim zarrachalarni ushlab qolishga ham yordam beradi. Eng muhimi, ko‘kalamzorlashtirish zich shahar muhitida insonga ko‘pincha yetishmaydigan tabiat bilan yaqinlik hissini yaratadi.
Terrasali xonadon hammaga ham kerak emas. Agar har bir qo‘shimcha kvadrat metr xonadon ichida zarur bo‘lsa, kattaroq oshxona-mehmonxona, yana bir yotoqxona yoki qo‘shimcha garderobni tanlash oqilona bo‘lishi mumkin.
Ammo ichki maydonga bo‘lgan asosiy ehtiyoj qondirilgan bo‘lsa, terrasa yana bir funksiyani emas, balki boshqacha yashash sifatini taklif qiladi.
Bahor tongidagi nonushta, bolaning ochiq havodagi o‘yinlari, kuzda noutbuk bilan ishlash, yoz oqshomidagi oilaviy kechki ovqat yoki iliq qish kunida quyoshda bir necha soat o‘tirish — terrasaning haqiqiy qiymati aynan shunday kundalik ssenariylarda namoyon bo‘ladi.
Shu sababli Toshkent iqlimida terrasa shunchaki me’moriy trend emas, balki istiqbolli turar joy formati sifatida ko‘rinadi. Faqat bir shart bilan: uni rejadagi qo‘shimcha kvadrat metrlar uchun emas, balki bu makon kundalik hayotingizning qanday qismiga aylanishini tushungan holda tanlash kerak.
Hayot tarzi qanday o‘zgarayotgani va odatiy me’moriy yechimlar yangi talablarga qanday moslashayotganini kuzatib, biz o‘z qiymatini saqlab qolayotgan yechimlarni asrashga va ularni loyihalarimizda yangicha talqin qilishga intilamiz.

Shu tariqa, terrasa g‘oyasi Mirador turar joy majmuasida birdaniga ikki xil ko‘rinishda o‘z ifodasini topdi. Birinchisi — binoning o‘z me’morchiligida: 7 qavatdan 16 qavatgacha o‘zgarib boradigan balandlik majmuaning pog‘onali, terrasasimon siluetini shakllantiradi. Ikkinchisi — xonadonlar rejalarida: yuqori qavatlarda biz to‘laqonli ochiq terrasali xonadonlarni ko‘zda tutdik, bu terrasalar yashash makonining tabiiy davomiga aylanadi.